“Energetika bolajonlar nigohida” rasmlar tanlovi

“Energetika bolajonlar nigohida” rasmlar tanlovi

22 sentabr 2020 / 16:38 329
Boʼm-boʼsh, toza asfalьt yoʼl, yer, rangli boʼrlar..... Tasavvuringizga birinchi boʼlib nima keldi? Аlbattada, qiyqirib oʼynayotgan va hayotni oʼz fikr va tasavvur doirasida turli ranglarda koʼrayotgan baxtiyor bolajonlar emasmi?!

“Oʼzatom” agentligi hovlisida “Energetika bolajonlar nigohida” mavzuida bolalar ishtirokida rasmlar tanlovi oʼtkazildi. Hozirgi murakkab pandemiya sharoitida barcha sanitariya va gigiena qoidalariga qatʼiy amal qilgan holda boʼlib oʼtgan ushbu qiziqarli tadbirda 5 yoshdan 14 yoshgacha, rasm chizishga ishtiyoq va isteʼdodi boʼlgan oʼgʼil-qizlar ishtirok etishdi. 

Tanlovda hayʼat aʼzosi sifatida Oʼzbekiston Respublikasi davlat mukofoti sovrindori, haykaltarosh Rustam Yermetov, “Oʼzatom” agentligi atom energetikasi va yadro texnologiyalari boshqarmasi boshligʼi Qosim Toʼxtaoxunov va “Аtom elektr stantsiyalarini qurish boʼyicha direktsiya” xodimlar boshqarmasi boshligʼi Nozimaxon Ziyavitdinova qatnashdilar.
Badiiy ijod uchun bolalarga xizmat qilgan maydoncha, ularning begʼubor, pozitiv shu bilan birga olam-olam maʼno mujassam rasmlari bilan toʼldi.

Tadbir soʼngida 5-7 yosh, 8-10 yosh va 11-14 yosh guruhi boʼyicha eng kreativ va energetika mavzusiga yaqin hamda maʼno jihatdan hayʼat azolariga maʼqul kelgan 3 ta rasm tanlab olinib, mukofotlar taqdim etildi. Konkursning eng quvonarli tomoni tadbirda hatto 2 va 4 yoshdagi jajji shirintoylarning ham borligi boʼldi. 

“Energetika bolajonlar nigohida” konkursida rasmlar orasidan eng saralarini tanlab olish oson kechmadi. Chunki har bir rasm oʼzgacha maʼnoga va kreativ gʼoyaga ega edi. Eng asosiysi, ularning barchasida bolalarning intilish va harakatlari, oʼzgacha mehr va muhabbatlari sezilib turar edi. Tadbirda hech bir bola yutqazmadi va ulkan zavq va shavq bilan uylariga qaytdilar. Farzandlarning barchalari “Oʼzatom” agentligining esdalik sovgʼalari va ajoyib shirinliklar bilan taqdirlandilar.