Anglashuv memorandumi imzolandi

Anglashuv memorandumi imzolandi

22 sentabr 2020 / 00:00 567
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 oktyabrdagi “O'zbekiston Respublikasi bilan Hindiston Respublikasi o'rtasidagi strategik sheriklikni yanada kengaytirish va mustahkamlash chora-tadbirlari to'g'risida” gi PQ-3958-sonli qarori ijrosini ta'minlash maqsadida joriy yilning 21 sentyabr kuni O'zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi Atom energetikasini rivojlantirish agentligi (“O'zatom”) va Hindiston Respublikasi Xukumati Atom energiyasi Departamenti qoshidagi Yadro energiyasi bo'yicha Global hamkorlik markazi (GCNEP) o'rtasida atom energetikasi yo'nalishida kadrlar tayyorlash va malakasini oshirish bo'yicha anglashuv memorandumi imzolandi.
Onlayn video-konferentsiya aloqasi shaklida o'tkazilgan uchrashuvda “O'zatom” agentligi Bosh direktori J. Mirzamahmudov, Hindiston Respublikasi Hukumati Atom energiyasi Departamenti kotibi, Atom energiyasi bo'yicha komissiyasi raisi K.N.Vyaslar ishtirok etishdi.
Ular 2020 yilning 16-19 fevral kunlari O'zbekiston Respublikasi delegatsiyasining Hindiston Respublikasiga atom elektr stantsiyasini qurish borasidagi tajribani chuqur o'rganish va yadro-energetika davlat dasturining amalga oshirilishida ikki mamlakat o'rtasidagi yaqin hamkorlikni o'rnatish maqsadida qilingan tashrifni alohida qayd etdilar. Mazkur muloqot o'sha kelishuvlarning mantiqiy davomi ekanligini ta'kidlab, do'st mamlakatlarimiz o'rtasida atom energiyasini tinchlik maqsadida foydalanish bo'yicha ikki tomonlama va o'zaro manfaatli hamkorlik masalalariga alohida to'xtalib o'tdilar.
Xususan, atom energetikasi sohasida delegatsiyalar o'rtasida tajriba va axborot almashish, mutaxassislar malakasini oshirish, ushbu yo'nalishda uchrashuv, ilmiy konferentsiyalar, seminar, trening, simpoziumlar o'tkazish muhokama qilindi. Shuningdek, O'zbekistonning agrosanoat sohasida meva va sabzavotlarni qayta ishlashda Hindistoning ilg'or yadro texnologiyalaridan foydalanish masalalari atroflicha ko'rib chiqildi.
Do'stona ruhda kechgan onlayn uchrashuvda tomonlar hozirgi murakkab pandemiya sharoitida, qiyinchiliklarni bartaraf etishda mamlakatlarning bir-birlarini faol qo'llab-quvvatlashi naqadar muhim ekanligi to'g'risida atroflicha fikr almashdilar. Ma'lumot o'rnida: Imzolangan anglashuv memorandumi yadro tizimi, sanoat, o't o'chirish va ekologik xavfsizlik, radiatsiyaviy xavfsizlik sohasida tadqiqot olib borish, ilg'or yadro-energetika tizimi, yadroviy xavfsizlik va xavfsizlikni tahlil qilish, radioizotop va radiatsiya texnologiyalarini ishlatish, atrof-muhitni radiatsiyadan himoya qilish va monitoring olib borish, kadrlar orasida tajriba almashinuvi, radiatsiya havfsizligi sohasida metrologiya holatlarini ta'minlash va boshqa yo'nalishlar doirasida hamkorlikni yo'lga qo'yishni o'z ichiga oladi.
GCNEP 2010 yilda Hindiston Hukumati Atom energetikasi Departamenti qoshida tashkil etilgan. Markazda 5 ta maktab mavjud, yadro energiyasi va yadro xavfsizligi, radiologiya xavfsizligini o'rganish, yadro materiallari xarakteristikasi va radioizotoplarni hamda radiatsiya texnologiyalarini ishlatish muassasalari mavjud. 2020 yilning 16-19 fevral kunlari, atom energetikasini tinch yo'lda foydalanish borasida tajriba va bilimlar almashish maqsadida Hindiston Respublikasi taklifiga binoan, O'zbekiston delegatsiyasi Hindistonga tashrif buyurgan edi hamda “Rosatom” davlat korporatsiyasi tomonidan qurilayotgan va VVER reaktorlari o'rnatilishi ko'zda tutilayotgan “Kudankulam” AES maydonida bo'ldilar.