“O'ZATOM” DELEGATSIYASI HINDISTON ATOM ENERGETIKASI OB'YEKTLARIGA TAShRIF BUYuRDI

“O'ZATOM” DELEGATSIYASI HINDISTON ATOM ENERGETIKASI OB'YEKTLARIGA TAShRIF BUYuRDI

18 fevral 2020 / 23:07 536
Mazkur tashrif Atom energetikasi bo'yicha departament kotibi – Hindiston atom energetikasi bo'yicha komissiya raisi Shri Vyas bilan o'tkazilgan muzokaralar doirasida amalga oshirildi. Uchrashuvlar davomida Hindiston tomoni O'zbekiston bilan atom energetikasini tinch maqsadlarda rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta'kidladi. Safar davomida Hindiston hukumati huzuridagi Atom energiyasini rivojlantirish departamenti tizimiga kiruvchi tizimlar rahbariyati va vakillari bilan atom energetikasi bo'yicha turli yo'nalishlarda, jumladan, kadrlar tayyorlash, O'zbekistonda AES qurilishi va loyihalashtirish ishlari bo'yicha maslahat xizmatlari ko'rsatish hamda yadro tibbiyotini rivojlantirish sohalarida hamkorlik qilish borasida takliflar bildirildi. Hindiston tomoni O'zbekiston Respublikasida milliy yadro infratuzilmasini rivojlantirish borasida yaqindan hamkorlik qilishga tayyor ekanini ham ma'lum qildi.
Bundan tashqari, Hindistondagi barcha atom elektr stantsiyalari operatori – Hindiston yadro energetikasi korporatsiyasi vakillari bilan uchrashuv o'tkazilib, unda atom energetikasi dasturlarini amaliyotga joriy etish masalalari muhokama etildi. O'zbekiston delegatsiyasining Hindistonga tashrifi davom etmoqda va tashrif dasturi doirasida “Kudankulam” atom elektr stantsiyasiga tashrif buyurish hamda sohaga aloqador idoralar va kompaniyalar vakillari bilan uchrashuvlar o'tkazish ko'zda tutilgan.