“Oʼzatom” agentligi MMFI Milliy tadqiqot yadro universiteti filiali talabalari uchun stipendiya joriy qildi

01 aprel 2021 / 18:00 465
“Oʼzatom” agentligining stipendiyasi imtihonlar natijalariga koʼra semestrda bir marta kursning eng yaxshi talabasiga beriladi. Аgentlik stipendiyasi miqdori eng kam ish haqining bir baravari miqdorida beriladi (747 300 soʼm). Stipendiya har oy davomida toʼlab boriladi.

2020/2021 oʼquv yilining uchinchi choragi natijalariga koʼra ushbu stipendiyaga MMFI Milliy tadqiqot universiteti Toshkent filiali ikkinchi kurs talabasi Utaganov Dilshod Oybek oʼgʼli loyiq deb topildi. Komissiya Dilshod Utaganov sessiyani “aʼlo” baholarga yakunlagani va ikkinchi kurs talabalari orasida reyting boʼyicha birinchi oʼrinda turishini taʼkidladi. Undan tashqari, u fizika boʼyicha Butunrossiya talabalar olimpiadasining birinchi bosqichidan muvofaqqiyatli oʼtdi. Uning "Molodoy uchyonnыy” xalqaro ilmiy jurnalida koʼplab maqolalari nashr etilgan.

“Аtom energetikasi - juda ham keng tarmoqli va oʼta aniqlikni talab qiladigan sanoatdir, - deydi Dilshod Utaganov. – Bu yerda yadrodan tortib toki axborot tizimlarigacha eng ilgʼor texnologiyalar qoʼllaniladi. Men “Oʼzatom” agentligi stipendiyasiga loyiq deb topilganimdan faxrlanaman. Bu men uchun yanada koʼproq oʼqishim, ilmiy izlanishlar olib borishim va barcha sohalarda eng yaxshilar qatorida boʼlishim uchun, kelgusida haqiqiy atom energetikasi sohasidagi yetakchi xodimiga aylanish yoʼlida faqat ragʼbatlantiradi.”

Eslatib oʼtamiz, “Oʼzatom” agentligi stipendiyasi 2017-2021 yillarda Oʼzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʼnalishi boʼyicha harakatlar strategiyasini amalga oshirish boʼyicha Davlat dasturi hamda “Yoshlarni qoʼllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” dasturi doirasida joriy etilgan.

“Oʼzatom” agentligi axborot xizmati