Joriy yilning 11 iyulida ayrim telegram kanallarida tarqalgan "Yadro universiteti Toshkent filiali talabalari: “Oʼqitish sifati tushib ketdi, filial rahbariyati muammolarga befarq” sarlavhali xabar yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz.

11 iyun 2021 / 21:28 548
Joriy yilning 11 iyulida ayrim telegram kanallarida tarqalgan "Yadro universiteti Toshkent filiali talabalari: “Oʼqitish sifati tushib ketdi, filial rahbariyati muammolarga befarq” sarlavhali xabar yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz.

2019 yilda Toshkent shahrida faoliyati tashkil etilgan “MMFI” milliy tadqiqot yadro universiteti filialida shu kungacha umumiy oʼquv rejasi asosida 1- va 2-bosqichlarda talabalar tahsil olib kelmoqdalar. 

Barcha yo'nalishdagi fanlarni oʼqitish uchun fan nomzodi va fan doktori darajasiga ega boʼlgan yuqori malakali professor-oʼqituvchilar tanlov asosida saralab ishga qabul qilinganlar. Universitetda barcha fanlar tasdiqlangan reja asosida oʼtib kelinmoqda. Ushbu ish rejalari universitetning rasmiy veb-saytida ochiq eʼlon qilingan. Shu bilan birga, ayrim umumtaʼlim va mutaxassislik fanlaridan (materiallar qarshiligi, loyihalashtirish asoslari va mashina detallari, korroziyaning nazariy asoslari va metallarni himoyalash) Moskvadagi bosh universitet professor-oʼqituvchilari tomonidan oʼqitib kelinmoqda.

Talabalarning bilimini baholash har semestrda nafaqat Oʼzbekistonlik, balki Rossiyalik pedagoglar tomonidan amalga oshiriladi. 2021/2022 yillarda Filialda "Turbomashinalar", "АESni avtomatlashtirish", "Termodinamika va issiqlik yetkazish asoslari", "Yadro yoqilgʼisi sikli obʼektlarini ekspluatatsiya qilish va undan chiqarish" kabi fanlarni oʼqitish rejalashtirilmoqda. 
Bugungi kunda filialda talabalar uchun 12 ta laboratoriya faoliyat yuritmoqda. Oʼqitish tizimini yanada faollashtirish va nazariya-amaliyot uygʼunligini taʼminlash maqsadida "Oʼzatom" agentligi tomonidan maxsus oʼkuv-laboratoriya uchun zamonaviy asbob-uskunalar sotib olish ishlari yakunlanmoqda. Filialning oʼquv binosi ichida hozirda tahsil olayotgan talabalarning bir vaqtning oʼzida barchasiga xizmat koʼrsatishga loyiq oshxona bufeti faoliyat koʼrsatib kelmoqda.

Talabalar va oʼqituvchilar uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida talabalar va xorijiy professor-oʼqituvchilar uchun ikkita 9 qavatli turar-joy binolari qurib bitkazilmoqda. Ular joriy yilning oxirigacha foydalanishga topshiriladi. Ularning sigʼimi 500 nafar talaba va 100 nafar oʼqituvchilar uchun moʼljallangan. Shuncha sigʼimli oshxona va sport majmuasi ham qurib bitkazilmoqda. Bu ishlarning barchasi shaxsan "Oʼzatom" agentligi Rahbariyati qatʼiy nazorati ostida olib borilmoqda. 
Аgentlik bosh direktori J.Mirzamahmudov talabalar bilan doimiy ravishda shaxsan uchrashib, ularni qiynayotgan muammolar va masalalarning amaliy yechimlari boʼyicha aniq choralar koʼrib kelmoqda. Olib borilayotgan qurilish va obodonchilik ishlarini koʼzdan kechirib, ularni yangi oʼquv yiliga qadar tezlashtirish boʼyicha aniq tavsiyalarini berib kelmoqda. 

 Yuqoridagilardan kelib chiqib, axborot kanalida eʼlon qilingan maʼlumotlar faktlarga asoslanmagan va muallifning bir tomonlama asossiz fikri ekanligini maʼlum qilamiz. 
 
Talabalar va oʼqituvchilarga yaratilgan sharoitlar bilan quyidagi havola (https://t.me/uzatom_info/1211) orqali (https://t.me/uzatom_info/1237) tanishishingiz (https://t.me/uzatom_info/1238) mumkin yoki xolis maʼlumot olish istagida boʼlgan jurnalist va blogerlarga (https://telegra.ph/MTYAU-MMFI-Toshkent-filiali-obektlari-07-11), abiturientlar va ularning ota-onalariga ushbu obʼektga alohida tanishuv sayohatini amalga oshirish imkoniyatini yaratib berishga hamisha tayyor ekanligimizni maʼlum qilamiz.

"Oʼzatom" agentligi matbuot xizmati.