Yadro energetikasi yo‘nalishi talabalari vodorod va uning energetika sohasidagi istiqbollari haqida gapirib berdilar

14 mart 2023 / 12:04 249

Vodorod o‘zi nima, “yashil” vodorod qanday qilib olinadi, u boshqa vodorod turlaridan nimasi bilan farq qiladi va nega olimlar hamda energetika sohasi muaxassislari uni istiqbolli yo‘nalish deb hisoblashadi? 

Shu kabi savollarga,“O‘zatom” Agentligi tasarrufidagi Atom texnologiyalari axborot markazida (ATAM) bo‘lib o‘tgan, “Ilm-fan va texnologiyalar uzra” loyihasi doirasidagi o`qilgan ma’ruzasida MYaTU MMFI (Milliy yadro tadqiqotlari universiteti – Moskva muhandislik fizikasi instituti) Toshkent filiali talabalari javob berdilar. ATAMning yangi yo‘nalishda tayyorlangan birinchi loyihasida bo‘lg‘usi yadrochi-fiziklar tomonidan tayyorlangan - “Vodorod: uning xususiyatlari va insoniyat uchun istiqbollari” ma’ruzasi Toshkentdagi Cambridge xalqaro CIS maktabi o‘quvchilari uchun tashkil etildi.

Tadbirni “O‘zatom” Agentligi atom energetikasi va yadro texnologiyalari boshqarmasining yetakchi mutaxassisi Maqsud Xudoyberdiyev ochib berdi. U o‘z nutqida, atom energetikasi va texnologiyalarini tinchlik maqsadida rivojlantirish uchun 2018- yilda tashkil etilgan Agentlikning faoliyati va O‘zbekistonda AES qurilishi loyihasining bosqichlari to‘g‘risida so`zlab, maktab o‘quvchilarining ko‘pgina savollariga atroflicha javob berdi.

“Bugungu kunda jahonning ko‘pgina mamlakatlari uglerod neytralligiga erishishni o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘yishgan. Bunda zamonaviy yadro texnologiyalari va ilm-fan muhim o‘rin tutadi. Vodorod energetikasini kam uglerodli energetikaning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida gapirar ekanmiz, uni AES yordamida olish, issiqlik elektr stansiyalarida elektroliz yo‘li orqali ishlab chiqarishdan ko‘ra foydaliroq ekanligi to‘g‘risida alohida to`xtalishimiz kerak. Shu bois, MYaTU MMFI talabalari murakkab jarayonlar, texnologiyalar haqida tushunarli va to`liqroq gapirib berish tashabbusi bilan chiqdilar. Biz esa bu fikrni qo`llab quvvatladik. Bu kabi loyihalar yoshlarga nafaqat bir-birlari bilan yaqinroq tanishish, balki ularning yadro texnologiyalari olamiga yanada chuqurroq kirib, inson hayotida tutgan o`rni to`g`risida atroflicha ma’lumotlarga ega bo`lish imkonini beradi”, - deydi Maqsud Xudoyberdiyev.

Tadbirning asosiy qismi MYaTU MMFI “Yaro fizikasi va texnologiyalari” yo‘nalishi 2-bosqich talabalari Maftuna Xolboyeva va Nodira Erkaboyevalarning vodorod haqidagi ma’ruzalaridan iborat bo‘ldi. Bo‘lg‘usi yadrochi-fiziklar vodorod xususiyatlari, uni olish uslublari va qo‘llanish sohalari to‘g‘risida batafsil so‘zlab berdilar. Loyihaning eng qiziqarli qismi “Javobingizni tiking” o‘yini bo‘lib, unda maktab o‘quvchilari vodorod mavzusidagi savollarga javob berdilar.

Toshkentdagi Cambridge xalqaro CIS maktabining 9-sinf o‘quvchisi Shahrizoda Botirova o‘z taassurotlari bilan bo‘lishdi: “Bugun biz vodorod mavzusidagi o‘yinda ishtirok etdik va u judayam qiziqarli tarzda o‘tdi. Ushbu viktorinada qizlar jamoasi g`olib bo‘ldi. Bizga talaba qizlarning chiqishlari juda yoqdi. Avvaliga hech nimani tushuna olmasam kerak deb o‘ylagan edim, lekin hammasi oson tilda yetkazib berildi. Kimyo fanidan unchalik yaxshi bilmasamda bugungi ma’ruzada hammasi tushunarli va haqiqatdan ham ma’lumotlarga boy bo‘ldi. Yana shu kabi tadbirlarda ishtirok etishni istar edik”. Mazkur maktab o‘quvchisining so‘zlarini uning sinfdoshi Shaxzoda Bobojonova ham qo‘llab-quvvatladi: “Bugun biz vodorod hamda elektr stansiyalar to‘g‘risida yanada to`liq ma’lumotlarga ega bo`lish uchun taqdimotga keldik. Bu judayam ajoyib va kerakli ma’lumotlarga boy tadbir bo‘ldi. Biz juda ko‘p qiziqarli narsalarni o‘rgandik, hamda kimyo va fizika fanlariga qiziqishimiz yanada ortdi”.

Ma’ruza va viktorina yakunlariga ko‘ra, interfaol o`yin g‘oliblari “O‘zatom” Agentligi maxsus sovrinlarga ega bo‘ldilar.

ATAM tadbirining yangi formatida ishtirok etgan talabalar nimalarga erishganliklari to‘g‘risida so‘zlab berar ekan, Maftuna Xolboyeva shunday dedi: “Men vodorod energetikasini to`liq tushunib olishni juda xohlardim, buning uchun esa ushbu mavzuni to`g`ri tushuntira bilish kerak. Ushbu tadbir men tayyorlagan taqdimotning kamchiliklarini ochib berdi. Shuningdek, men o‘zim uchun ushbu sohadagi juda ko‘p imkoniyatlarni oydinlashtirib, qaysi yo‘nalish bo`yicha ko`proq o`zimni ustimda ishlash kerakligini bilib oldim. Bu mening maktab o‘quvchilari bilan muloqot qilishdagi birinchi tajribam edi. Bugungi kunning eng bosh xulosasi shundan iboratki, auditoriya oldida gapirish ilgari tasavvur qilganimdan ko‘ra osonroq bo‘lib chiqdi. Bu esa meni yangi mavzular va tadqiqotlar tomon ilhomlantirdi”.

“Ilm-fan va texnologiyalar uzra” ma’ruzasi — bu ATAM ma’rifiy-o‘yinli loyihasi bo‘lib, unda talabalar va yosh olimlarning o‘zlari spiker sifatida o‘rtaga chiqadilar. ATAM negizida bo‘lg‘usi ekspertlar taqdimotlar va samarali kommunikatsiyalar borasida o‘z mahoratlarini rivojlantiradilar. Atom sohasidagi ilm-fan va texnologiyalar bo`yicha ro‘y berayotgan hamda insonlar turmushi sifatiga va butun sayyoramizga ta’sir o‘tkazuvchi ilmiy hodisalar, jarayonlar, texnologiyalar va muhandislik yechimlari haqida ommabop shaklda so‘zlab beradilar.