Xitoy milliy yadro korporatsiyasi qoshidagi "China Zhonguyan Engineering Corporation" vakillari bilan uchrashuv bo`lib o`tdi

06 iyul 2022 / 17:30 266
Joriy yilning 2 iyun kuni "O`zatom" agentligida  Xitoy milliy yadro korporatsiyasi qoshidagi "China Zhonguyan Engineering Corporation"  vakillari bilan uchrashuv bo`lib o`tdi. Muzokaralar chog`ida tomonlar atom texnologiyalarining qo`llanilishi va kadrlar tayyorlash masalalari bo`yicha o`zaro  manfaatli bo`lgan hamkorlik o`rnatish borasida fikr almashdilar. Xitoy tomoni, katta, o`rtacha va kam quvvatli atom elektr stansiyalarini, hamda o`zlarining loyihasi asosida yaratilgan yuqori haroratli gaz yordamida sovutiladigan reaktorni qurish bo`yicha mavjud tajribaga oid prezentatsiyalarini taqdim etdi. Xitoy vakillar O`zbekiston tomoniga o`zaro yaqin hamkorlikni o`rnatishga tayyorligini bildirdi. 
Uchrashuv natijasida, atom energetikasini rivojlantirish sohasida uzoq muddatli ikki taraflama hamkorlik o`rnatish va o`zaro tajriba almashishga kelishib olindi. Shuningdek, Xitoy delegatsiyasi kompaniya tomonidan Xitoyda qurilgan va qurilajak yadro obyektlari faoliyati bilan yaqindan tanishishga, hamda tajriba orttirishga taklif qildi.

Eslatib o`tamiz, China Zhongyuan Engineering Corporation (CZEC), Xitoy Milliy yadro korporatsiyasining (CNNC) bosh korxonasi va xorijdagi ixtisoslashgan biznes platformasi hisoblanadi. Bundan tashqari, ushbu korxona katta miqyosdagi mijozlar uchun ixtisoslashgan xorijiy yadroviy loyihalarning faoliyat ko`rsatish davri masalalari bilan shug`ullanadi. 

China Zhongyuan Engineering Corporation (CZEC) 1983 yilda tashkil etilgan. Bugungi kunga qadar, u Xitoy korxonasi sifatida birinchi marta xorijdagi yirik yadroviy inshoot - Birin Jazoir yadroviy tadqiqot markazini loyihalashtirgan va qurgan. Shuningdek, kompaniya Pokistonda PWR texnologiyalari bo`yicha to`rtta 300 MVt quvvatga ega bo`lgan AES bloklarini qurgan, hozirgi vaqtda barcha quvvat bloklari tarmoqqa ulangan. Bundan tashqari, joriy yilda Karachida (K-2/K-3) (Pokiston) CZEC tomonidan foydalanishga topshirilgan 1000 MVt quvvatga ega ikkita atom energiya bloki tijorat maqsadlarida foydalanishga topshirildi.


"O`zatom" agentligi matbuot xizmati