Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan asossiz ma'lumotlar yuzasidan "O'zatom" agentligining munosabati

11 may 2020 / 23:18 572
“Moskva muhandislik fizikasi instituti” milliy tadqiqot yadro (MIFI) universitetida ta'lim olayotgan o'zbekistonlik talabalar va “O'zatom” agentligi o'rtasida tuzilgan shartnoma yuzasidan telegramm messenjerining ba'zi bir kanallarida tarqayotgan haqiqatga zid ma'lumotlar yuzasidan “O'zatom” agentligi quyidagilarni ma'lum qiladi. O'zbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish yuzasidan qabul qilingan qarorga muvofiq 2018/2019 o'quv yilidan boshlab MMFI milliy tadqiqot yadro universitetiga Rossiya Federatsiyasining "Rossotrudnichestvo" agentligi bilan hamkorlikda “Rosatom” davlat korporatsiyasi tomonidan ajratilgan qabul kvotalariga o'zbekistonlik talabalar saralab olinib, MMFI universitetiga o'qishga qabul qilib kelinmoqdalar (ma'lumotlar bilan quyidagi internet resurslar orqali tanishish mumkin:https://www.gazeta.uz/ru/2018/09/10/mephi/https://kun.uz/ru/78052938?q=%2Fru%2F78052938https://t.me/uzatom_info/8https://t.me/uzatom_info/27, ).

Talabalar o'qishga qabul qilingach, ular tomonidan “O'zatom” agentligi rahbariyatidan moddiy qo'llab quvvatlash, o'qishni yakunlaganlaridan so'ng ularni kafolatlangan ish o'rinlariga qabul qilish yuzasidan murojaat bildirilgan. Ushbu murojaat belgilangan tartibda O'zbekiston Respublikasi Hukumatiga kelishish uchun kiritilgan va taklifga rozilik olingan. Hozirgi kunda ushbu universitetda tahsil olayotgan 145 nafar talabalardan 102 nafari bilan ixtiyoriy ravishda 4 tomonlama shartnomalar imzolangan. Ushbu shartnomalar shartlariga muvofiq talabalarning Rossiya Federatsiyasida tahsil olishlari uchun har oylik moddiy qo'llab-quvvatlash, yilda bir marotaba Moskva shahriga borish va qaytish yo'nalishlari bo'yicha aviachiptalar va yillik tibbiy sug'urta xarid qilish, qulay sharoitga ega yotoqxonalarda turish mablag'larini qoplab berish, shuningdek o'qishni yakunlab, mamlakatga “O'zatom” agentligi tizimida kamida 5 yil ishlab berish nazarda tutilgan.

Joriy yilning yanvar oyida talabalarning o'qishni yakunlab mamlakatga qaytib kelish kafolatlarini yanada kuchaytirish maqsadida tasdiqlangan shartnomaga qo'shimcha ravishda ishlab chiqilgan kelishuvni imzolash yuzasidan “O'zatom” agentligi rahbariyati MIFI universiteti talabalari bilan video-uchrashuv o'tkazdi. Ushbu uchrashuvda shartnomaning qo'shimcha kelushuvida keltirilgan shartlar yuzasidan to'g'ridan-to'g'ri izoh va tushuntirishlar berildi hamda shartlar mazmun mohiyati puxta ochib berilishi natijasida barcha talabalar bilan qo'shimcha kelishuvlar imzolandi. Shartnoma tomonlari bo'lmish talaba, uning kafili, MIFI universiteti va “O'zatom” agentligi o'rtasida imzolangan barcha shartnomalar va ularning kelishuvlari nafaqat “O'zatom” agentligi, balki MIFI universitetining yuridik ekspertizasidan o'tkazilgan. Hozirda, MIFI universitetida tahsil olayotgan va shartnomaviy munosabatlarga ega 94 nafar talabalar belgilangan tartibda “O'zatom” agentligi tomonidan moddiy qo'llab-quvvatlanib kelinmoqda. Yuqoridagilardan kelib chiqib, shuningdek MIFI universitetida tahsil olayotgan talabalarning rasmiy munosabatini (ilova qilinmoqda) inobatga olib, ommaviy axborot vositalaridan, blogerlardan professional faoliyatlarini amalga oshirishda, barcha ma'lumotlarni oxirigacha o'rganib chiqqandan so'nggina, faqatgina faktlarga asoslangan holda xolis, foydali va haqiqiy ma'lumotlarni tarqatishlarini iltimos qilib qolamiz. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda bu masala yuzasidan tarqatilayotgan xabarlar asossiz ekanligini bildiramiz.

"O'zatom" agentligi axborot xizmati.