Toshkent shahridagi “Moskva muhandislik fizikasi instituti” milliy tadqiqot yadro universiteti filialiga abiturientlarning hujjatlarini qabul qilish jarayoni davom etmoqda

22 iyun 2021 / 19:00 582
Oʼzbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish, yadro fizikasi, yadroviy texnologiyalar, issiqlik fizikasi, elektroenergetika sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash maqsadida ushbu sohada tayanch oliy taʼlim muassasasi hisoblanuvchi Toshkent shahridagi “Moskva muhandislik fizikasi instituti” milliy tadqiqot yadro universiteti filialiga abiturientlarning hujjatlarini qabul qilish jarayoni davom etmoqda. Hujjatlar MMFI MTYaU rasmiy veb-sayti orqali joriy yilning 24 iyuligacha qabul qilinadi.

Joriy yilning 19 iyulida “Oʼzatom” agentligi bosh direktori J.Mirzamahmudov boshchiligidagi oʼzbekistonlik mutaxassislar va MMFI MTYaU bosh universitetining birinchi prorektori O.Nagornov boshligidagi rossiyalik mutaxassislarning ishchi yigʼilishi boʼlib oʼtdi. Ushbu yigʼilishda MMFI MTYaU Toshkent shahridagi filialiga qabul masalalari va filialni rivojlantirish boʼyicha “yoʼl xaritasi”dagi chora-tadbirlarning amalga oshirilish holati muhokama qilindi.

Tomonlarning oʼzaro kelishuviga muvofiq filialga qabul imtihonlarini joriy yilning 26, 28, 30 iyulь kunlari matematika, fizika va rus tili fanlaridan anʼanaviy yozma shaklda oʼtkazishni taʼminlashga kelishib oldilar.
Qabul imtihonlarini barcha karantin qoidalariga rioya etgan holda yuqori tashkiliy saviyada oʼtkazish maqsadida “Oʼzatom” agentligi rahbariyati, MMFI MTYaU bosh universiteti va Toshkent shahridagi filiali rahbariyati va professor-oʼqituvchilari bilan birgalikda qabul imtihonlarini oʼtkazish uchun joriy yilning 19 iyulidan boshlab filial binosi hududida tayyorgarlik koʼrmoqdalar.

Imtihonlar toʼliq rossiyalik professor-oʼqituvchilar tomonidan oʼtkaziladi. Sinov natijalari har bir imtihon oʼtkazilgan kunning ertasiga eʼlon qilinadi.
Hozirda kirish imtihonlarini oʼtkazish joyi sifatida bir nechta variantlar koʼrib chiqilmoqda, imtihonlarni oʼtkazish joyi boʼyicha yakuniy qaror bir necha kunlarda abiturientlarga yetkaziladi.
Toshkent shahridagi MMFI MTYaU filiali moddiy-texnika bazasi boʼyicha respublikadagi eng rivojlangan oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi. Filial binosi 2019 yilda barpo etilgan boʼlib, 2019 yilda 16 mln rubllik, 2021 yilda esa 16,3 mln rubllik eng zamonaviy oʼquv va ilmiy laboratoriyalari bilan jihozlangan. Joriy yilning yakuniga qadar Filialni tahminan yana 5 mlrd soʼmlik maxsus laboratoriya uskunalari bilan jihozlash rejalashtirilgan. Bundan tashqari filialning 4 ta taʼlim yoʼnalishi boʼyicha 4 ta bosqich talabalariga yetarli 1 mln rubllik 6 200 dona oʼquv adabiyotlari xarid qilingan va Filial kutubxonasi boyitilgan.

Bugungi kunda filialda jami 168 nafar talaba bakalavriatning birinchi va ikkinchi bosqichida tahsil olib kelmoqda. Taʼlim xizmatlari talabalar uchun davlat buyurtmasiga muvofiq toʼliq davlat granti asosida rossiyalik va oʼzbekistonlik professor-oʼqituvchilar tomonidan amalga oshirilmoqda.

Filial bitiruvchilariga oʼqish tamomlanganidan soʼng bosh muassasaning belgilangan namunadagi diplomi beriladi va bu diplom Oʼzbekiston Respublikasida oliy taʼlim toʼgʼrisidagi hujjat sifatida tan olinadi. Filialning barcha bitiruvchilari respublikaning energetika tarmogʼida ish bilan taʼminlanadilar.