Yangi O'zbekiston - yangicha dunyoqarash

13 yanvar 2021 / 14:00 638

2020 yil insoniyat tarixida eng sinovli yillardan biri bo‘ldi. Butun dunyoda vujudga kelgan pandemiya sharoiti bizning mamlakatimizda ham o‘z ta’sirini ko‘rsatib, halqimiz bardoshini, chidamini imtihondan o‘tkazdi. Bu ofat qarshisida sarosimaga tushmagan davlat va xalqimiz yaxlit bir kuch sifatida birlasha oldi, inqirozli vaziyatdan barqaror o‘tishimiz uchun barcha zaruriy sharoitlar yaratildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomalarida ham aynan shu og‘riqli nuqtalar, ularning bartaraf etish borasidagi tajriba bot-bot tilga olindi va barcha yurtdoshlarimiz tomonidan iliq kutib olindi.


Murojaatnomada davlatimiz ravnaqi, yanada farovon hayotga erishish yo‘lidagi ustuvor vazifalar belgilab berildi. Unda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishga ham alohida urg‘u berildi. Nutqda tilga olingan muhim masalalar nihoyatda ko‘lamdor va dolzarb ekanligini hisobga olib, aholining barcha qatlamlariga uning mazmun-mohiyatini keng  yetkazish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, bugun “O‘zatom” agentligining xodimlari uchun “Yangi O‘zbekiston - yangicha dunyoqarash” g‘oyasi doirasida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi. Unda Toshkent davlat transport universiteti doktoranti Xurshidbek Abdullayev murojaatnomaning ahamiyati, davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirish bo‘yicha yangi vazifalar, qonun ustivorligini ta’minlashning dolzarb yo‘nalishlari, iqtisodiyotga bozor mexanizmlarini keng joriy etish, ijtimoiy sohani rivojlantirishda belgilangan birlamchi vazifalar, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash hamda tashqi siyosat sohasida belgilab berilgan yo‘nalishlar to‘g‘risida atroflicha so‘zlab berdi.


“Murojaatnomada ko‘zlangan marralarga erishish istiqbolimiz va xalqimiz uchun katta ahamiyatga ega. Biroq uni samarali hujjatga aylantiradigan narsa – uning amaliy ijrosini ta’minlashdir. Bu barchamizni e’lon qilingan taklif va tashabbuslarni amalga oshirishga qo‘shajak hissamiz haqida jiddiy o‘ylab ko‘rishga undaydi. Chunki bu tashabbuslarning amaliy ro‘yobi har birimizga doxildir” deydi Xurshidbek Abdullayev.
Do‘stona ruhda o‘tkazilgan ushbu targ‘ibot tadbirida Prezidentning Oliy Majlisga Murojaatnomasi bo‘yicha tayyorlangan videorolik namoyish etildi. Targ‘ibot guruhi a’zolari tomonidan Murojaatnomadagi barcha iqtisodiy-ijtimoiy masalalarni samarali va o‘z vaqtida tashkil etish yuzasidan tushuntirish va tavsiyalar berildi. Savol-javob, ochiq muloqot tarzida o‘tgan tadbir ishtirokchilari  o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javoblar oldilar.



"O'zatom" agentligi axborot xizmati.